Rasman. Nursulton Ro'ziboevning jang sanasi va raqibi ma'lum bo'ldi (foto)

O'zbekistonlik aralash jang san'ati ustasi, 32 yoshli Nursulton Ro'ziboev 27 iyun kuni Ozarbayjonning Boku shahrida bo'lib o'tadigan UFC Fight Night turniri doirasida oktagonga ko'tariladi.
Ro'ziboevning raqibi rossiyalik Andrey Pulyaev bo'ladi. 28 yoshli Pulyaev UFC’da 2025 yil 22 martdan beri faoliyat yuritib kelmoqda. Hozirgacha u promoushenda 1 ta g'alaba va 2 ta mag'lubiyat qayd etgan. U so'nggi jangini 2026 yil 24 yanvar kuni Ateba Gautiega qarshi o'tkazgan va hakamlarning yakdil qaroriga ko'ra mag'lub bo'lgan. Uning MMA rekordi 10 ta g'alaba va 3 ta mag'lubiyatdan iborat. Ushbu bellashuv UFC o'rta vazn toifasidagi reyting jangi bo'ladi.
Avvalroq UFC 319 turnirida oktagonga chiqishi kerak bo'lgan Nursulton Ro'ziboev va amerikalik Brayan Battl o'rtasidagi bahs bekor qilingan va bunga Battlning belgilangan vazn me'yorini bajara olmagani sabab bo'lgan edi.
Ro'ziboev hozirga qadar faoliyati davomida 47 ta jang o'tkazib, ulardan 36 tasida g'alaba qozongan, 9 marta mag'lub bo'lgan va 2 marta durang qayd etgan. Pulyaevga qarshi bahs Ro'ziboevning UFC’dagi oltinchi jangiga aylanadi. Bungacha u ushbu promoushenda 5 marotaba oktagonga ko'tarilib, 4 ta g'alaba va 1 ta mag'lubiyat qayd etgan.
Eslatib o'tamiz, UFC Boku turnirining asosiy jangi Rafael Fiziev va Manuel Torres o'rtasida o'tkaziladi.
