Rasman: Klaudio Raneri «Roma»ni tark etdi

Italiyalik mutaxassis Klaudio Raneri «Roma» maslahatchisi lavozimini tark etdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
Avvalroq, 74 yoshli Raneri jamoa bosh murabbiyi Jan Pero Gasperini bilan yuzaga kelgan kelishmovchilik sababli «Roma»dan ketishi haqida ma'lumotlar tarqalgan edi.
«Klub Klaudioga «Roma» rivojiga qo'shgan salmoqli hissasi uchun minnatdorchilik bildiradi. U jamoani juda qiyin davrda boshqargan va biz uning sa'y-harakatlaridan doimo minnatdormiz», — deyiladi rimliklar bayonotida.
Ta'kidlanishicha, «Roma» rahbariyati Gasperiniga to'liq ishonadi va u bilan hamkorlikni davom ettiradi. Italiya chempionatining 33-turidan so'ng «Roma» 58 ochko jamg'argan holda turnir jadvalida oltinchi o'rinni egallab turibdi.