Italiyaning "Inter" klubi rasmiy sayti orqali bosh murabbiy Kristian Kivu bilan tuzilgan shartnoma uzaytirilganini ma'lum qildi.

Yangi kelishuvga ko'ra, 45 yoshli ruminiyalik mutaxassisi klubda kamida 2028 yilgacha faoliyat yuritadi. Avvalgi mehnat shartnomasi 2027 yil yozigacha amal qilar edi.

Avvalroq OAVlarda Kivuning yangi bitimida uni 2029 yilgacha uzaytirish imkoniyati ham ko'zda tutilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Shuningdek, Kivuning yillik maoshi 4 million evroga etgani ta'kidlangan.

Kristian Kivu 2025 yil iyun oyida «Inter» bosh murabbiyi etib tayinlangan. Uning rahbarligi ostida Milan jamoasi Italiya chempioni bo'ldi hamda mamlakat Kubogini qo'lga kiritdi.

«Inter»ga kelgunga qadar Kivu «Parma» klubini, shuningdek, milanliklarning yoshlar jamoalarini boshqargan.

Manba: Stadion.uz