Qatarning Doha shahrida shaxmatning rapid yo'nalishida jahon chempionati start oldi. Kecha — musobaqaning ilk kunida erkaklar 5 tadan tur o'yinlarini o'tkazishdi.

Musobaqa formati: shaxmatchilarga jami 15 daqiqada vaqt beriladi va har bir yurishga 10 soniya qo'shib beriladi.

Hamyurtlarimiz orasida Javohir Sindarov kecha eng yaxshi natija qayd etdi. U 5 ta o'yinning 3 tasida g'alaba qozonib, ikkitasida durang qayd etdi: 4 ochko va 13-o'rin.

Muhiddin Madaminov va Nodirbek Abdusattorov 3,5 ochko jamg'arishgan bo'lsa, Jahongir Vohidov, Shamsiddin Vohidov va Humoyun Begmurotov 2,5 ochko to'plashdi. Nodirbek Yoqubboev esa, kutilmaganda, yaxshi natija qayd eta olmadi  2 ochko.

Erkaklar musobaqasida 5 shaxmatchi 4,5 tadan ochko jamg'arib, jadvalda etakchilik qilishmoqda — Magnus Karlsen, Arjun Erigaisi, Maksim Vashe-Lagrav, Vladislav Artemiev, Gukesh Domaradju.

Qizlar esa kecha 4 ta tur o'yinlarida ishtirok etishdi. Afruza Hamdamova 3 ochko to'plagan holda 22-o'rinni egallab turibdi. Gulruhbegim Tohirjonova, Guldona Karimoa va Umida Omonova 2 ochko jamg'arishdi.

Qizlar turnirida xitoylik Ju Jiner 4 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan bo'lsa, yana 7 shaxmatchi hisobida 3,5 tadan ochko mavjud.

Bugun turnirda 4 tadan tur o'yinlari o'tkaziladi.

O'zbekiston terma jamoasining JChda ishtirok etayotgan tarkibi

Open (erkaklar) yo'nalishi:

Nodirbek Abdusattorov
Javohir Sindorov
Nodirbek Yoqubboev
Shamsiddin Vohidov
Jahongir Vohidov
Muhiddin Madaminov
Muhammadzohid Suyarov
Humoyun Begmurotov

Ayollar yo'nalishi:

Afruza Hamdamova
Umida Omonova
Gulruhbegim Tohirjonova
Nilufar Yoqubboeva
Madinabonu Xalilova
Guldona Karimova.

Manba: stadion.uz