Rangnik Avstriya — Jazoir uchrashuvi «kelishilgan o'yin» bo'lgani haqidagi gap-so'zlarga munosabat bildirdi

Avstriya terma jamoasi bosh murabbiyi Ralf Rangnik JCh-2026 guruh bosqichi doirasida Jazoirga qarshi kechgan bahsda har ikki jamoa o'zaro «kelishib olgan bo'lishi mumkinligi» haqidagi taxminlarni qat'iyan rad etdi. Uchrashuv 3:3 hisobidagi durang bilan yakunlandi va bu natija har ikki terma jamoaga pley-off yo'llanmasini taqdim etdi.
Uchrashuv o'ta shiddatli va qiziqarli yakuni bilan yodda qoldi: Jazoir sardori Riyod Maxrez 93-daqiqada o'z jamosini hisobda oldinga olib chiqdi, biroq ko'p o'tmay avstriyaliklar hujumchisi Sasha Kalayjich muvozanatni tikladi.
«Tabloda 3:3 hisobi qayd etilib turganda, hech kim kelishilgan o'yin haqida gapira olmaydi. Ayniqsa, so'nggi 90 soniya ichida sodir bo'lgan voqealarni inobatga olsak. Men 40 yillik murabbiylik faoliyatim davomida bu qadar dramatik rivojlangan boshqa biron bir o'yinni eslay olmayman. Bu shunchaki aql bovar qilmas voqelik», — deya Rangnikning so'zlarini FIFA matbuot xizmati keltirmoqda.
Avstriya 2 iyul kuni 1/16 final bosqichi doirasida Ispaniya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Manba: Stadion.uz
Kommentariyalar