Raneri «Roma»ni tark etishi mumkin

Rimning «Roma» klubi boshqaruv kengashi maslahatchisi Klaudio Raneri yaqin orada o'z lavozimini tark etadi. Bu haqda insayder Fabritsio Romano ma'lum qildi.
Avvalroq xabar qilinganidek, bunga jamoa bosh murabbiyi Jan Pero Gasperini bilan munosabatlardagi kelishmovchilik sabab bo'lgan. Tomonlar transfer siyosati borasida bir to'xtamga kela olmagan: murabbiy tarkibdan norozi bo'lgan, Klaudio Raneri esa barcha transferlar birgalikda tasdiqlanganini ta'kidlagan. Mavsum oxiridagi beqaror natijalar bu ziddiyatni yanada kuchaytirgan.
33 turdan keyin A seriya jadvalida «Roma» 58 ochko bilan 6-o'rinni egallab turibdi. Jan Pero Gasperini jamoani 2025 yil yozidan beri boshqarib kelmoqda.
73 yoshli Klaudio Raneri 2024 yil noyabrida «Roma»ga qaytgan va o'tgan mavsum yakunigacha ishlagan edi. U avval ham 2009–2011 yillarda va 2019 yil mart-iyun oylarida rimliklarni boshqargan.