Bir necha hafta oldin Serxio Ramos o'zining qadrdon klubi — «Sevilya»ni sotib olishga yaqin turgani haqida xabarlar paydo bo'lgandi. Ramos va uning investitsiya guruhi 12 may kuni klubning 80 foiz aktsiyasini 450 million evro evaziga sotib olish bo'yicha kelishuvga erishgan edi (bu summadan klubning tan olingan 88 million evrolik qarzi chegirib tashlanishi ko'zda tutilgan).

Chorshanba kuni ertalab bo'lib o'tgan navbatdagi uchrashuvda Ramos tomoni kelishuv shartlariga jiddiy o'zgartirishlar kiritdi. Yangi rejaga ko'ra, 86 000 ta emas, balki atigi 30 000 ta aktsiyani sotib olish taklif qilindi.

«Biz shokda edik, chunki u «Sevilya»ni atigi 100 million evroga yaqin summaga sotib olmoqchi, kapitalni 100 milliondan sal ko'proqqa oshirmoqchi va aktsiyadorlarga ancha kam to'lamoqchi edi», — deya «El Pais» nashriga klubdagi manbaning so'zlarini keltiradi. Ta'kidlanishicha, ushbu kelishuv barbod bo'lgan.