Ramazon Temirov UFC’ga qachon qaytishini ma'lum qildi

O'zbekistonlik UFC jangchisi Ramazon Temirov doping qoidalarini buzganlikda ayblanib, 6 oyga diskvalifikatsiya qilinganini e'lon qildi. Bu haqda sportchi o'zining Instagram sahifasida ma'lum qildi.
“Oxirgi doping nazorati tahlillari chiqdi, hammasi toza. Menga faqatgina 6 oylik diskvalifikatsiya berildi. Bu jazoga sabab — qonun-qoidalardagi ayrim buzilishlar. Xudo xohlasa, mart oyida oktagonga qaytaman. Yaxshiyamki, ikki yoki to'rt yilga taqiq qo'yilmadi, faqat olti oy. Bu vaqt ichida kim do'st, kim soxta — barchasi ayon bo'ldi. Avval yonimda 10–15 kishi bo'lardi, hozir esa faqat haqiqiy yaqinlarim. Alhamdulillah, sabr bilan kutyapmiz. Mart oyidan yana boshidan boshlaymiz”, deya yozdi Temirov.
Eslatib o'tamiz, joriy yilning iyul oyida Ramazon Temirov Qozog'istonlik aralash jang san'ati ustasi Asu Almabaevga qarshi oktagonga chiqishi kerak edi. Biroq jang oldidan o'zbekistonlik sportchining doping namunalarida taqiqlangan modda aniqlangani sababli bahs bekor qilingan edi.
Sportchi Tailandda o'tkazgan mashg'ulotlar chog'ida infektsion yara bilan bog'liq muammoga duch kelgan. Davolanish jarayonida shifokor tavsiya qilgan dori vositasining tarkibida taqiqlangan modda bo'lgani ma'lum bo'lgan.