Rafinya Neymarning Braziliya terma jamoasi uchun muhimligini baholadi

«Barselona» vingeri Rafinya Dias agar Karlo Anchelotti Neymarni bo'lajak Jahon chempionati qaydnomasiga kiritsa, bundan juda xursand bo'lishini bildirdi. «Santos»ning 34 yoshli futbolchisi 2023 yildan beri milliy jamoada o'ynamayotgan bo'lsa-da, JCh-2026 ga borish umidida ekanini bir necha bor ta'kidlagan.
«Men uchun Neymar — Braziliyaga oltinchi Jahon chempionligini yutishda yordam bera oladigan yagona inson. Uning Braziliya futboli uchun naqadar muhim shaxs ekanini tushunish kerak. O'z vaqtida u meni terma jamoada go'yoki umrbod tanishdek kutib olgandi. Uning yordami bilan men o'zimga bo'lgan ishonchni topdim va o'z futbolimni o'ynay boshladim», — deya Rafinyaning so'zlarini keltirmoqda Brasil Football.
Eslatib o'tamiz, braziliyaliklar 2002 yildan beri Jahon chempioni bo'la olishmayapti, biroq hamon qo'lga kiritilgan kuboklar soni bo'yicha rekordni o'zlarida saqlab turishibdi.