Rafinya Ispaniya Kubogi yarim finali oldidan o'z holati haqida gapirdi

«Barselona» vingeri Rafinya o'zining sog'lig'i borasidagi holatga to'xtalib o'tdi.
Avvalroq, hujumkor yarim himoyachining o'ng sonidagi mushaklarida zo'riqish aniqlangani xabar qilingan edi. U Ispaniya Kubogi 1/4 finali doirasidagi «Albasete»ga qarshi safar uchrashuvini (2:1) va La Ligadagi «Malorka» bilan bahsni (3:0) o'tkazib yubordi.
«O'zimni yaxshiroq his qilyapman, biz bosqichma-bosqich oldinga harakat qilyapmiz. Payshanba kunigacha tayyor bo'lamanmi-yo'qmi, ko'ramiz, kutamiz. Imkoniyatlar bor, lekin barchamiz jarohatlar qanchalik tez-tez sodir bo'lishini bilamiz. Jamoani sog'indim», — dedi Rafinya.
Eslatib o'tamiz, payshanba kuni «Barselona» Ispaniya Kubogi yarim finali doirasida safarda «Atletiko»ga qarshi maydonga tushadi.