Pul qani? Rossiyada Fayzullaev transferi bilan bog'liq mojaro davom etmoqda

Rossiyada o'zbekistonlik yarim himoyachi Abbosbek Fayzullaevning TsSKAdan Turkiyaning "Istanbul Bashakshehir" klubiga transferi bo'yicha bahslar davom etmoqda. Bu haqda UPL.UZ xabar berdi. Rossiyaga nisbatan xalqaro sanktsiyalar tufayli turklar deyarli bir oy transfer uchun pul to'lay olmadi.
Kuni kecha "Istanbul Bashakshehir" baribir moskvaliklar bilan hisob-kitob qila olgani ma'lum bo'ldi. TsSKA transfer uchun to'lovni amalga oshirgandan so'ng, Turkiyaga Fayzullaevga yangi klubida o'ynash imkonini beruvchi sertifikat yubordi.
Ammo bugun "Istanbul Bashakshehir" 1,5 mln evro kam to'lagani ma'lum bo'ldi. Moskvaga avval aytilgan 7,5 million evro o'rniga 6 million yuborildi. Qolgan pullar hozirda Turkiyadagi maxsus hisobda turibdi. Bir qator rossiyalik jurnalistlar TsSKA vakillari ushbu mablag'ni yangi futbolchilarni sotib olish uchun Turkiyadagi hisob raqamlarida qoldirmoqchi, degan taxminni ilgari surishdi. Boshqa jurnalistlar esa "Istanbul Bashakshehir" futbolchi uchun to'lov masalasida g'alati moliyaviy o'yin olib borayotganini taxmin qilishdi. Bitim allaqachon yopilgan bo'lsa-da, tomonlar transfer uchun to'lovni hal qila olmayapti.