«PSJ» Nike bilan shartnomani besh yilga uzaytirishga yaqin turibdi.

Yangi kelishuvga ko'ra, Parij klubi yiliga taxminan 100 million evro oladi.

Tomonlar o'rtasidagi muzokaralar 2024/25 yilgi mavsum oxirida Luis Enrike qo'l ostidagi jamoaning Chempionlar ligasidagi g'alabasidan so'ng boshlangandi. O'shanda «PSJ» prezidenti Nosir Al-Xelayfi rahbariyatga 1989 yildan buyon parijliklarning texnik hamkori bo'lgan Nike bilan hamkorlik shartlarini qayta ko'rib chiqishni topshirgan edi. Tomonlar o'rtasidagi amaldagi shartnoma 2032 yilgacha mo'ljallangan.

L’Équipe ma'lumotlariga ko'ra, parijliklar Amerika kompaniyasi bilan hamkorlikni yana besh mavsumga — 2037 yilgacha uzaytirish bo'yicha printsipial kelishuvga erishdi. Shu tariqa, yangi bitim amaldagi shartnoma muddati tugashiga olti yil qolganda imzolanadi.

Amaldagi shartnomaga ko'ra, Parij klubi Nike’dan yiliga taxminan 60 million evro oladi, yangi bitim esa har yili taxminan 100 million evro keltiradi.

Ushbu kelishuv tufayli «PSJ» eng daromadli hamkorlik shartnomalariga ega klublar qatoriga kiradi. Bu ro'yxatdagi etakchilardan biri 2024 yil noyabrida Nike bilan hamkorlikni 2038 yilgacha uzaytirgan «Barselona» bo'lib qolmoqda. Ispaniya OAV ma'lumotlariga ko'ra, bitimning umumiy qiymati taxminan 1,7 milliard evroni tashkil etgan.

Manba: Stadion.uz