Frantsiya Professional futbol ligasi (LFP) saytida Liga 1ning «Lans» – «PSJ» va «Brest» – «Strasburg» uchrashuvlarini boshqa muddatga ko'chirish to'g'risida qaror qabul qilingani xabar qilindi.

«PSJ» va «Strasburg» klublarining o'yinlarni ko'chirish borasidagi so'rovlari qanoatlantirildi. Endi jamoalar bor e'tiborini evrokuboklarning chorak finaliga qaratishlari mumkin bo'ladi. Xususan, «PSJ»da Chempionlar ligasi chorak finali doirasidagi «Liverpul»ga qarshi o'yinlar (8 va 14 aprel) oralig'ida ichki chempionat bahsi bo'lmaydi. «Strasburg» esa Konferentsiyalar ligasi chorak finalidagi «Maynts» bilan uchrashuvlar (9 va 16 aprel) orasida dam oladi.

«PSJ» va «Strasburg» ishtirokidagi ushbu o'yinlar 13 may sanasiga ko'chirildi.

«O'yinlarni ko'chirish haqidagi qarorlar direktorlar kengashining strategik yo'nalishiga mos keladi. Bundan ko'zlangan asosiy maqsad — Frantsiyaning UEFA reytingidagi beshinchi o'rnini saqlab qolishdir. Bu o'rin mamlakatga Chempionlar ligasi uchun to'rtta yo'llanmani taqdim etadi», — deya izoh beradi Frantsiya Professional ligasi.

Avvalroq «Lans» klubi «PSJ» bilan o'yinning ko'chirilishiga qarshi chiqqan edi.