«PSJ» Duening goli evaziga tanaffusga g'olib sifatida chiqdi

«PSJ» va «Liverpul» o'rtasidagi Chempionlar ligasi chorak finali dastlabki uchrashuvining birinchi bo'limi yakunlandi. Aytish joizki, Parijdagi o'yinning birinchi yarmi ko'plab muxlislar kutgandek yorqin kechmadi. Haqiqiy xavfli vaziyatlarni barmoq bilan sanasa bo'ladi.
Shunday bo'lsa-da, birinchi bo'limda bitta gol ko'rdik — parijliklar 11-daqiqada hisobni ochishdi. Dezire Due raqib jarima maydonchasining chap qanotidan zarba yo'lladi va to'p rikoshet yordamida darvoza to'ridan joy oldi. Birinchi bo'limdan so'ng Luis Enrike shogirdlari 1:0 hisobida oldinda borishmoqda.