Portugaliya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martines o'tkazilgan yig'in yakunlarini sarhisob qildi.

Portugaliyaliklar bo'lajak mundial mezbonlari — Meksika va AQSh terma jamoalariga qarshi bahs olib borishdi. Birinchi o'yinda golsiz durang qayd etilgan bo'lsa, ikkinchi uchrashuvda 2:0 hisobida g'alaba qozonildi.

«Ushbu yig'in doirasida oldimizga qo'yilgan barcha maqsadlarga erishganimizdan xursandman. Bunday vaziyatda natija hal qiluvchi ahamiyatga ega emas — yangi echimlar topish va turli taktik variantlarni sinab ko'rish ancha muhimroq. Erishgan natijalarimizdan mamnunman», — dedi Martines AQSh ustidan qozonilgan g'alabadan so'ng jurnalistlar bilan suhbatda.

Eslatib o'tamiz, JCh-2026 guruh bosqichida Portugaliyaning raqiblari Kongo DR, O'zbekiston va Kolumbiya terma jamoalari bo'ladi.