«Barselona» hujumchisi Robert Levandovski Polsha terma jamoasi bosh murabbiyi yordamchisi Yatsek Mageraning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

«Murabbiy, hammasi bunday bo'lishi kerak emas edi... Oila a'zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiraman», – deb yozdi Levandovski o'zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Bugun, 10 aprel kuni mutaxassis Vrotslav shahridagi parklardan birida yugurish vaqtida o'zini yomon his qilgan. U hushini yo'qotgan va shifoxonaga etkazilgan. Reanimatsiya ishlari qariyb bir soat davom etgan, biroq «Legiya»ning sobiq himoyachisini qutqarib qolishning imkoni bo'lmagan.

Magera 2025 yilning yozidan buyon Polsha terma jamoasida Yan Urbanning assistenti sifatida ishlab kelayotgan edi. Avvalroq Polsha terma jamoasi saralash turniri finalida Shvetsiyaga (2:3) imkoniyatni boy berib, AQSh, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan JCh-2026 yo'llanmasini qo'lga kirita olmagan edi.