PFL rahbarligiga yangi nomzodlarni tasdiqlash kun tartibiga kiritildi

O'zbekiston Professional futbol ligasi rahbarligi uchun navbatdagi to'rt yillik muddatga nomzodlarni tasdiqlash masalasi kun tartibiga kiritildi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati ma'lum qildi.
Liga Ustavining 5.11-bandiga muvofiq, bosh direktorni to'rt yil muddatga tayinlash hamda lavozimidan ozod qilish O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti yoki Assotsiatsiya Ijroiya qo'mitasining taqdimnomasiga asosan PFL Ijroiya qo'mitasi tomonidan amalga oshiriladi.
Eslatib o'tamiz, Assotsiatsiya prezidentining taqdimiga binoan, Ijroiya qo'mitaning 2022 yil 31 martdagi qarori bilan Diyor Imomxo'jaev to'rt yil muddatga PFL bosh direktori etib tasdiqlangan edi. Endilikda Assotsiatsiya rahbariyati yoki Ijroiya qo'mitasi navbatdagi to'rt yillik davr uchun nomzod yoki nomzodlarni taqdim etishi lozim. Shundan kelib chiqib, Liga mazkur masalani kun tartibiga kiritishni so'rab murojaat qildi.
Qayd etilishicha, Diyor Imomxo'jaev bir vaqtning o'zida har ikkala tashkilot Ijroiya qo'mitasi a'zosi hisoblanadi. Shu bois u nomzod taqdim etishda ham, keyinchalik ovoz berish jarayonida ham ishtirok etmaydi. Ustaviga ko'ra, Assotsiatsiya bir yoki bir nechta nomzodlar ro'yxatini taqdim etishi mumkin, ular esa Liga Ijroiya qo'mitasining 8 nafar a'zosi tomonidan ovoz berish yo'li bilan saylanadi. Ovoz berish haqiqiy deb topilishi uchun kamida 5 nafar a'zo qatnashishi shart.
Muhim jihati, Ijroiya qo'mita a'zolarining 5 nafari futbol klublari vakillari hisoblanadi (Alisher Yusupov — «Nasaf», Bahodir Mirzaev — OKMK, To'labek Akramov — «Lokomotiv», Elbek Samatov — «Andijon», Maqsad Karimov — «Xorazm»). Shuningdek, qo'mitaga Odil Ahmedov, Kamoliddin Murzoev va Oybek Ibrohimxonov ham a'zo sanaladi.
Shu tariqa, PFL bosh direktorini saylashda klublarning umumiy ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Assotsiatsiya tomonidan taqdim etiladigan nomzodlar ro'yxati haqida keyinroq qo'shimcha ma'lumot berilishi kutilmoqda.
Manba: Stadion.uz
Kommentariyalar