Peres Vinisiusning shartlaridan charchadi

Madridning «Real» klubi hujumchisi Vinisius Junior bilan shartnomani uzaytirish borasida kelishuvga erisha olmayapti. Bu haqda Diario Sport xabar berdi.
Manbaga ko'ra, «Qirollik klubi» prezidenti Florentino Peres 26 yoshli qanot hujumchisining talablaridan charchagan. Braziliyalik futbolchi «qaymoqranglilar»dan yiliga 30 million evroga yaqin maosh, shuningdek, klubga sodiqligi uchun 15 million evro miqdorida bonus to'lanishini istamoqda. Ammo «Real» bunday shartlarga rozi emas.
Shu bilan birga, klub Vinisiusga, agar tomonlar yangi shartnoma bo'yicha kelishuvga erisha olmasa, u joriy yozgi transfer oynasida sotilishini ma'lum qilgan.
Futbolchini o'z safiga qo'shib olishga «Arsenal» jiddiy qiziqish bildirmoqda. Ehtimoliy transfer qiymati 160 million evroga baholanmoqda.
Shuningdek, Vinisiusning «Real»dagi kelajagiga «RB Leyptsig» qanot hujumchisi Yan Diomandning transferi ham ta'sir qilishi mumkin. Madrid klubi ushbu transferni yaqin vaqt ichida yakunlashga intilayotgani aytilmoqda.
Manba: Stadion.uz
Kommentariyalar