Madridning «Real» klubi rahbari Florentino Peres «Bavariya»ning frantsiyalik vingeri Maykl Oliseni sotib olishni jiddiy tarzda maqsad qilgan. Bu haqda Defensa Central jurnalistlari xabar bermoqda.

Manbaning bergan ma'lumotlariga ko'ra, prezident yulduz yarim himoyachining transferi uchun 180 million evro sarflashga tayyor. Avvalroq matbuotda 150 million evro miqdoridagi mablag' tilga olinayotgan edi. Peres bo'lajak prezidentlik saylovlarida g'alaba qozonsa, ushbu transferni amalga oshirish uchun bor kuchini ishga soladi.

Olise 2024 yilning yozidan buyon Myunxen grandi sharafini himoya qilib kelmoqda. Frantsiyalik futbolchi va Germaniya top-klubi o'rtasidagi amaldagi mehnat shartnomasi 2029 yilning o'rtalariga qadar mo'ljallangan.