"Paxtakor"ning janjalli goli va boshqa vaziyatlar. Superliganing 18-turidagi hakamlik tahlili

✅ "Buxoro" – "Neftchi"
"Neftchi" himoyachisi raqibning oldinga o'tishiga jiddiy to'sqinlik qilib, uni uzoq vaqt ushlab turdi. To'p aynan "Buxoro" o'yinchisi yetib borishi mumkin bo'lgan hududga ketayotgandi. To'g'ri qaror – penalti va sariq kartochka. VAR vaziyatga to'g'ri aralashdi.
✅ "Buxoro" – "Neftchi"
Hakam xato qilganini isbotlovchi birorta ham takroriy lavha yo'q. To'g'ri, "Buxoro" himoyachisi to'pga o'ynamagan, biroq "Neftchi" hujumchisi bilan kontaktni ham ko'rmayapmiz. To'g'ri qaror – o'yinni davom ettirish.
✅ OKMK – "Dinamo"
Yangi talqinlarni kuzatib borayotganlar biladiki, zarba muvaffaqiyatli to'sib qolingandan so'ng to'p qo'lga tegsa (ushbu vaziyatda to'p dastlab "Dinamo" himoyachisining tanasiga tegmoqda), penalti belgilanmaydi. To'g'ri qaror – o'yinni davom ettirish, VAR vaziyatga to'g'ri aralashdi.
✅ OKMK – "Dinamo"
Birinchi holatda qo'shimcha takroriy lavhalarsiz hakamning xatosini ko'rish qiyin, shuning uchun uning qaroriga qo'shilamiz. Harakatda – o'yinni davom ettirish kerak. Ikkinchi holatda VAR qaroriga qo'shilamiz: OKMK himoyachisi qo'lini raqibining elkasiga qo'ymoqda, ammo hech qanday kuch ishlatmayapti, bu yerda yaqqol ushlab qolish yoki turtishni ko'rmayapmiz. To'g'ri qaror – o'yinni davom ettirish.
✅ "Mashal" – "Andijon"
Bizningcha, futbolchilar o'rtasida arzimas kontakt yuz bergan va bu "Mashal" o'yinchisining yiqilishiga asosiy sabab bo'lmagan. To'g'ri qaror – o'yinni davom ettirish.
✅ "Xorazm" – "Lokomotiv"
"Xorazm" o'yinchisi yaqqol qo'li bilan to'pga o'ynamoqda. To'g'ri qaror – penalti.
❌ "Xorazm" – "Lokomotiv"
Bu yerda esa vaziyat unchalik aniq emas. "Lokomotiv" himoyachisi qo'lini orqasiga yashirayotgan edi, to'p bilan kontakt sodir bo'lgan paytda qo'l tana hajmini kattalashtirmagan. Ushbu vaziyatda o'yinni davom ettirish lozim edi.
P.S. Ushbu jarima zarbasidan so'ng "Xorazm" hisobni tenglashtirdi.
❌ "Navbahor" – "Nasaf"
"Navbahor" o'yinchisi to'pga ulgurmay, raqibi oyog'iga zarba berdi. Nazarimizda, bu penalti edi. VAR vaziyatga to'g'ri aralashdi, biroq hakam negadir o'n bir metrlik jarima zarbasini belgilamadi.
❌ "Navbahor" – "Nasaf"
Hakam bu vaziyatda xatoga yo'l qo'ydi, ammo boshqacha xatoga qo'l urdi. U hakamni aldashga uringani uchun "Nasaf" futbolchisiga simulyaciya uchun sariq kartochka ko'rsatishi kerak edi. Futbolchi o'z tashabbusi bilan yiqilgan, bu vaziyatda qo'pollik bo'lmagan.
✅ "Navbahor" – "Nasaf"
Markaziy maydondagi odatiy kurash, buni qoidabuzarlik deb atash qiyin, chunki na turtish, na oyoqqa zarba berish, na chalib yiqitish bor. Bizningcha, hakam o'yinni to'g'ri davom ettirdi va VAR vaziyatga to'g'ri aralashmadi. "Navbahor" goli qoidalar asosida kiritilgan.
✅ "Navbahor" – "Nasaf"
"Navbahor" o'yinchisi to'pga o'ynashga harakat qilmay, yaqqol raqibga nisbatan o'ynamoqda. To'g'ri qaror – jarima zarbasi va raqibni gol urish uchun yaqqol imkoniyatdan mahrum qilgani uchun qizil kartochka (stop-kadrda ko'rinib turibdiki, yakkama-yakka vaziyatga chiqish yo'qqa chiqarilgan).
✅ "Paxtakor" – "Surxon"
Biz ham vaziyatning o'zini, ham O'zbekiston futbol hakamlari markazining ushbu o'yin yakuni bo'yicha chiqargan qarorini o'rganib chiqdik. Yaqinda Rossiyada ham shunga o'xshash holat kuzatilgandi. Bu yerda bo'lgani kabi, u yerda ham VAR vaziyatni baholab, golni bekor qilish kerakligini aytgan. Vaholanki, vaziyatni baholash uchun bosh hakamni monitor oldiga chaqirish lozim edi.
Vaziyatni ofsaydda bo'lgan "Paxtakor" futbolchisi to'pni darhol qabul qilib olmagani murakkablashtirgan. Biroq u "Surxon" darvozaboni to'pga tekkanidan so'ng epizodga ta’sir ko'rsatdi. Bunday holatda hakam "Paxtakor" futbolchisining vaziyatga ta’sirini baholash uchun monitor oldiga o'zi borishi kerak edi.
Agar umuman vaziyat haqida gapiradigan bo'lsak, bu yuz foizlik ofsayd. Ha, "nozik" ofsayd, juda kichik, lekin baribir ofsayd. O'yindan tashqari holatda bo'lgan futbolchi darhol bo'lmasa ham, yakunda ustunlikka ega bo'ldi. Darvozabon to'pga tekkanidan keyin ofsayd holati bekor bo'lib qolmaydi.
✅ "Paxtakor" – "Surxon"
Bizningcha, hakam to'g'ri qaror qabul qildi. Kontakt mavjud, ammo "Surxon" o'yinchisi o'z tashabbusi bilan yiqilmoqda. To'g'ri qaror – o'yinni davom ettirish.
Shu tariqa, Superliganing 18-turi o'yinlarida hakamlar uchta xatoga yo'l qo'ydi.
Kommentariyalar