«Panatinaikos» klubi o'z rasmiy sayti orqali bosh murabbiy Rafael Benites bilan hamkorlik tugatilganini e'lon qildi. 66 yoshli ispaniyalik mutaxassis gretsiyalik jamoani o'tgan yilning oktyabr oyi oxiridan beri boshqarib kelayotgan edi.

«Ispaniyalik murabbiy va uning shtabiga klubdagi faoliyati davomida ko'rsatgan professionalizmi va o'z printsiplari uchun minnatdorchilik bildiramiz. Rafael Benitesga kelgusi kasbiy faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz», — deyiladi klub matbuot xizmati xabarida.

Benites boshqaruvida jamoa barcha musobaqalarda jami 41 ta o'yin o'tkazdi: 20 ta g'alaba, 11 ta durang va 10 ta mag'lubiyat.

Gretsiya chempionatining asosiy bosqichida «Panatinaikos» 49 ochko jamg'arib, 4-o'rinni egallagandi. Ikkinchi bosqich yakunlariga ko'ra ham jamoa turnir jadvalida to'rtinchi pog'onada qoldi.