«Tottenxem» yarim himoyachisi Joau Palinya klubda qolish-qolmasligi borasidagi savolga javob berdi. Yakunlangan mavsumni xavbek «shporlar» safida ijara asosida o'tkazdi.

«Bu erga kelgan birinchi kunimdanoq o'zimni uydagidek his qilyapman. Kim ham «Tottenxem»da o'ynashni va bu erda qolishni istamaydi? Men shu erda qolishni juda xohlardim», — deya portugaliyalik futbolchining so'zlarini jurnalist Fabritsio Romano keltirmoqda.

Avvalroq, «shporlar» Palinyani «Bavariya»dan sotib olmoqchi emasligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq jamoaga Roberto De Dzerbi kelganidan so'ng vaziyat o'zgardi.

30 yoshli Palinya «Tottenxem» tarkibida barcha turnirlarda 45 ta o'yin o'tkazib, 7 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi.