Ispaniya terma jamoasi sardori Mikel Oyarsabal o'z jamoasining Kabo-Verdega qarshi o'yindagi kutilmagan durangiga izoh berdi. Jahon chempionati birinchi turidan o'rin olgan bahs 0:0 hisobida yakunlandi.

«Bu qiyin o'yin bo'ldi. Ular nima qilish kerakligini juda yaxshi anglashdi va o'z jarima maydonchalari atrofida 10-11 kishi bo'lib to'planishdi. Biz gol urish uchun etarlicha vaziyatlar yaratdik, biroq yakuniy pallada aniqlik va o'tkirlik etishmadi», — deya hujumchining so'zlarini keltiradi Marca.

Uning qo'shimcha qilishicha, jamoa sovuqqonlikni yo'qotmasligi va xatolar ustida ishlashi zarur:

«Xotirjamlik va o'zimizga bo'lgan ishonchni saqlab qolishimiz, nimalarni to'g'irlash kerakligini tushunib, oldinga harakat qilishimiz lozim. Biz turnirni g'alaba bilan boshlashni istagandik, ammo hozir birdamlikni saqlab qolish muhim», — deya ta'kidladi Oyarsabal.

21 iyun kuni Ispaniya musobaqaning ikkinchi turida Saudiya Arabistoniga qarshi maydonga tushadi.