Superliga 29-turidan o'rin olgan "Mash'al" - "Navbahor" (0:0) uchrashuvidan so'ng "Mash'al" bosh murabbiyi Otabek Narzullaev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Bugun biz uchun qiyin kun bo'ldi. Shuncha vaziyat yaratib birorta ham gol ura olmadik. Agar imkoniyatlardan foydalanganimizda 5:0 yo 6:0 hisobida yutgan bo'lardik. Nimayam derdim, ishlashda davom etamiz. Keyingi bahslarda g'alaba qozonishga harakat qilamiz.

- Bugun "Mash'al" zaxirasiga U-21 jamoasidan uch nafar futbolchi qaydnomaga kiritildi.

- Yoshlarga ham imkon berish kerak, ular shu orqali o'sib boradi. Ikkinchi taymda maydonga tushgan yoshlar o'yinga tezlik olib kira olishdi. Faqat vaziyatlardan foydalana olmaganimiz chatoq bo'ldi.

- Jamoangiz gol ura olmagani nima bilan bog'liq? Omadsizlik tufaylimi yoki charchoq alomatimi?

- "Navbahor" biz bilan qarshi hujumga tayanib o'ynadi. Agar jamoamizda jismoniy toliqish bo'lganida bunday bo'lmasdi. Bugun ikkinchi taymni ko'ring, faqat biz hujum qildik. Gol ura olmaganimiz sovuqqonlik etishmagani bilan bog'liq.

- Kelasi mavsumga rejalaringiz?

- Bu borada hali o'ylaganimiz yo'q. Chunki hali mavsum tugamadi. Oldin mavsumni tugatib olaylik, keyin rahbariyat hal qiladi.

Manba: "Mash'al" matbuot xizmati