Belgiyalik hujumchi Divok Origi professional futbolchilik faoliyatini yakunlashga qaror qildi. Bu haqda 31 yoshli forvard o'zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma'lum qildi.

«Futbolchi sifatidagi maqsadimga erishdim. Men bolalikdagi orzularimni ro'yobga chiqardim — eng katta sahnalarda o'ynadim va eng nufuzli sovrinlarni qo'lga kiritdim. Bularning barchasi uchun Yaratgandan minnatdorman. Missiya bajarildi. Endi men keyingi chaqiruv sari yo'l olmoqdaman», — deyiladi Origining bayonotida.

O'z faoliyatining eng gullagan davrida belgiyalik hujumchi «Liverpul» sharafini himoya qilgan va ushbu klub safida Chempionlar Ligasi kubogi hamda Premer-liga oltin medallariga ega chiqqan edi.

Origining so'nggi klubi «Milan» bo'ldi, biroq u so'nggi ikki yil davomida jamoa safida birorta ham rasmiy o'yinda maydonga tushmadi.