Oliver Glasner «Kristal Pelas» bilan xayrlashdi: «Bu mening so'nggi o'yinim bo'lganiga ishona olmayapman»

«Kristal Pelas» bosh murabbiyi Oliver Glasner shogirdlari Konferentsiyalar ligasi finalida g'alaba qozonganidan so'ng intervyu berdi. «Rayo Valekano» ustidan 1:0 hisobida g'alaba qozonilgan uchrashuvdan keyin u shunday dedi:
«O'yinchilarni va butun jamoani tabriklashim kerak, chunki o'yin xuddi biz kutganimizdek kechdi. Ayniqsa, tanaffusdan keyingi 15 daqiqani alohida qayd etmoqchiman — o'sha pallada gol urdik va o'yin taqdirini hal qilib qo'yishimiz mumkin edi», — deya Glasnerning so'zlaridan iqtibos keltiradi TNT Sports.
«O'yin so'ngida juda yaxshi himoyalandik. Fantastik oqshom. Men chin dildan xursandman, chunki bu futbolchilar guruhi, bu klub va bu muxlislar Konferentsiyalar ligasida g'alaba qozonishga haqiqatan ham loyiq edi».
«Bu mening so'nggi o'yinim bo'lganiga hali ham ishona olmayapman. Ha, men shunday qarorga keldim. O'ylaymanki, bu «Kristal Pelas» kitobidagi yaxshi bob bo'ldi, ammo undan keyin yana boshqa boblar keladi», — deya qo'shimcha qildi mutaxassis.
Eslatib o'tamiz, Konferentsiyalar ligasidagi g'alabadan tashqari, Glasner «burgutlar»ni o'tgan yilgi Angliya kubogi va Superkubogida ham zafar quchishiga sababchi bo'lgan edi.