«Odamlarni aldashni bas qiling»: Jurnalist Mbappe davridagi «Real»ning natijalarini keskin qoraladi

Chorshanba kuni Madridning «Real» klubi chorak finalda «Bavariya»ga umumiy 4:6 hisobida imkoniyatni boy berib, Chempionlar ligasidagi ishtirokini yakunladi.
«Qaymoqranglilar» Myunxenda kechgan javob bahsida 3:4 hisobida mag'lub bo'lishdi — ular uchrashuv so'nggida bir kishi kam bo'lib qolishgach, o'z darvozalaridan ikkita gol o'tkazib yuborishdi. Katta ehtimol bilan, Alvaro Arbeloa shogirdlari joriy mavsumni sovrinsiz yakunlashadi.
«Bizga Mbappe kelishi bilan «Real» hamma narsada g'olib chiqadi, degan g'oyani sotishgan edi, amalda esa aksi yuz berdi. Ikki mavsum davomida La Ligada nol, Chempionlar ligasida nol, Ispaniya Kubogi va Superkubogida nol g'alaba. Ettita "El Klasiko"da atigi bitta g'alaba. Odamlarni aldashni bas qiling», — deya mashhur jurnalist va bloger Lautaro del Kamponing so'zlarini keltirmoqda Ispaniya OAVlari.
Kilian Mbappe 2024 yilning yozida «PSJ»dan erkin agent sifatida «Real»ga o'tgan edi. Frantsuz futbolchisi «Bavariya»ga qarshi kechgan har ikki o'yinda bittadan gol urishga muvaffaq bo'ldi.