Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) 2026—2027-yilgi mavsum uchun klublar miqyosidagi qit'a musobaqalarida ishtirok etish huquqini beruvchi litsenziyalash natijalarini e'lon qildi. Unga ko'ra, O'zbekistonning 19 ta klubi maxsus tekshiruvlardan muvaffaqiyatli o'tib, professional maqomga ega bo'ldi.

Ro'yxatdan Superliganing barcha ishtirokchilari, shuningdek, Proliganing uchta jamoasi — “Aral”, “Metallurg” va “Sho'rtan” joy oldi. Qoraqalpog'istonning “Aral” jamoasi o'z tarixida ilk bor litsenziyaga ega chiqdi.

OFK ma'lumotiga ko'ra, litsenziyaga ega klublar soni bo'yicha O'zbekiston va Qatar qit'ada etakchilik qilmoqda (19 tadan). Undan keyingi o'rinni 18 ta klubi litsenziyadan o'tgan Saudiya Arabistoni band etgan.

Klublarning OFK talablariga (infratuzilma, yuridik va moliya masalalari bo'yicha) javob berishi ularning xalqaro maydondagi ishtirokini ta'minlaydi. Xususan, aprel oyida OFK Elit Chempionlar Ligasida O'zbekiston kvotasi yana bittaga ko'paytirilgani hisobiga, “Nasaf” klubi ham kelgusi mavsumdan qit'a musobaqasida ishtirok etadi.



Shuningdek, hozirda mahalliy ligalarda universitet jamoalari (FarDU, BuxDU, TerDU), yoshlar loyihalari (“Olimpik Mobiuz”, “Respublika FA”) va xususiy klublar (“G'azalkent”, “Kattaqo'rg'on”) ham faoliyat yuritmoqda. Biroq ular tuzilish shakli yoki yangi tashkil etilgani sababli hozircha OFK litsenziyasini olmagan. O'zbekiston Professional futbol ligasi yil yakuniga qadar ushbu jamoalarning infratuzilmasini o'rganib chiqadi. Tekshiruvlardan o'tgan taqdirda, professional maqomga ega klublar ro'yxati kengayishi mumkin.

Manba: daryo.uz