O'zbekistonlik yosh yulduzlar «Braga» sari: Hasanov va Sodiqov Portugaliyaga yo'l oladi

O'zbekiston yoshlar terma jamoasi iqtidorli futbolchilari Sadriddin Hasanov va Sayfiddin Sodiqov Portugaliyaning «Braga» klubiga o'tishi mumkin.
Manbaga ko'ra, portugal klubi 17 yoshli futbolchilarni «Bunyodkor» va Odil Ahmedov futbol akademiyasidan 1 yillik ijara asosida jalb etish niyatida. Shuningdek, ularning «Andijon»dagi ijarasi to'xtatiladi. Futbolchilar 2026 yil yozida, 18 yoshga to'lganidan so'ng yangi jamoasiga qo'shiladi.
«Braga» skautlari ularni Qatarda bo'lib o'tgan U-17 jahon chempionatida kuzatib, sinovga taklif qilgan. 2025 yil dekabrida har ikki futbolchi klubning U-23 jamoasi bilan ikki hafta mashg'ulot o'tkazgan va yaxshi taassurot qoldirgan. Natijada portugaliyaliklar rasmiy taklif bilan chiqqan.
Kelishuvda sotib olish bandi ham mavjud: Hasanov uchun 250 ming evro, Sodiqov uchun esa 300 ming evro. Agar bu band faollashtirilsa, har ikki hujumchi «Braga» bilan 5 yillik shartnoma imzolaydi. Shuningdek, «Bunyodkor» va Odil Ahmedov akademiyasi keyingi transferdan muayyan foizga ega bo'ladi.
Ushbu ma'lumotga O'zbekistondagi ProSports Management agentligi rahbari Krimets munosabat bildirdi:
«Bunday masalalarni klublar e'lon qilishi kerak. Bilasiz, yigitlar o'tgan yil oxirida «Braga»da stajirovkada bo'lishgan. Hozircha aytadiganim shu. Klublardan rasmiy xabarni kutib qolamiz», — dedi u.
Hasanov — qanot hujumchisi. U 2025 yil kuzida jahonning eng iqtidorli 60 yosh futbolchisi ro'yxatiga kiritilgan. Mutaxassislar uning tezligi, zarbasi va gol hissini yuqori baholagan.
O'tgan mavsum u uchun juda muvaffaqiyatli o'tdi: u U-17 Osiyo kubogida eng yaxshi futbolchi (MVP) deb topildi va turnirda Tailand, Xitoy, KXDR hamda Saudiya Arabistoniga qarshi o'yinlarda gol urdi.
Jahon chempionatida esa Xorvatiya va Panama darvozasiga gol urdi, Italiyaga qarshi o'yinda esa golli uzatma amalga oshirdi. Shuningdek, u 2025 yilda O'zbekistonning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topildi.
Sodiqov ham Osiyo kubogi va jahon chempionatida yuqori darajada ishtirok etdi. U 10 ta o'yinda 2 gol va 5 assist qayd etib, jamoaning eng yaxshi assistenti bo'ldi. Uning bir qancha uzatmalari aynan Hasanovga yo'llangan.
Endi ushbu o'zbek dueti Portugaliyada o'zini ko'rsatishga tayyor. Ular Evropa maydonlarida o'z yo'lini ochgan hamyurtlar — Husanov, Shomurodov va Fayzullaevlar yo'lini davom ettirishi mumkin.