“O'zbekistonda Katanets kelguniga qadar terma jamoaning muvaffaqiyatiga ishonishmasdi” — Alesh Chex

O'zbekiston milliy terma jamoasining sobiq murabbiyi Alesh Chex Sloveniyaning Delo nashriga bergan intervyusida Katanets davridagi muvaffaqiyat sirlari va dastlab yuzaga kelgan qiyinchiliklar haqida so'zlab berdi.
“Hujumchilar himoyaga qaytishni istamasdi”
Chexning ta'kidlashicha, murabbiylar shtabi ish boshlagan vaqtda mamlakatda terma jamoaning kelajagiga nisbatan katta shubha bor edi. Futbolchilar esa yangi talablarga ko'nikishi oson kechmagan:
“Odamlar bu jamoaning yana nimadir yuta olishiga ishonmay qo'yishgandi. Srechko yigitlarni maydonda borini berishga o'rgatdi. Avvaliga futbolchilar talablarimizni tushunishmadi: "Murabbiy, biz hujumchimiz-ku, nega himoyaga qaytishimiz kerak?", deyishardi. Keyinchalik ular Srechkoning samimiy ekanini va faqat katta turnirga chiqishni istashini anglab etishgach, hamma narsa osonlashdi”, — deydi murabbiy.
Asosiy qahramon — Katanets
Alesh Chex O'zbekistonning Jahon chempionatiga yo'llanma olishida aynan Srechko Katanetsning hissasi beqiyos ekanini alohida qayd etdi:
“O'zbekiston bilan erishilgan muvaffaqiyatdan juda xursandman. Ayniqsa, Srechko uchun faxrlanaman, chunki bu birinchi navbatda uning g'alabasi. U mo''jiza yaratdi: avval futbolchilarni, keyin esa butun xalqni o'ziga ishontira oldi. Ta'kidlashim kerak, bu natijaga hamma kishidan ko'ra ko'proq Katanets loyiq edi”.
Eslatib o'tamiz, Alesh Chex Katanets ketganidan keyin ham bir muddat Toshkentda ishlashda davom etdi. Biroq milliy terma jamoaga Fabio Kannavaro bosh murabbiy etib tayinlangach, Chex o'z lavozimini tark etishga qaror qildi.