O'zbekiston va Qirg'iziston futzal tashkilotlari hamkorligi mustahkamlanmoqda

Osiyo kubogi-2026 saralash musobaqasi munosabati bilan Bishkek shahrida bo'lib turgan O'zbekiston futzal federatsiyasi prezidenti Bekzod Mamatqulov boshchiligidagi delegatsiya a'zolari bugun Qirg'iziston futbol ittifoqining birinchi vitse-prezidenti, Qirg'iziston futzal assotsiatsiyasi prezidenti Nurdin Bukuev, Qirg'iziston futbol ittifoqi bosh kotibi Mederbek Sidikov bilan uchrashuv o'tkazdi.
Muzokaralar chog'ida tomonlar futzal sohasida o'zaro hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish va qo'shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilishdi.
Qirg'iziston futbol ittifoqi rahbariyati O'zbekiston milliy terma jamoasini Jahon chempionatiga yo'llanma olgani bilan samimiy muborakbod etdi.
— Futbol taraqqiyoti bo'yicha O'zbekistondan o'rganadigan jihatlarimiz ko'p. Qo'shnilarimiz bosib o'tgan yo'l biz uchun maktab vazifasini o'taydi. Shu bois tajriba almashib turish, muntazam hamkorlikni yo'lga qo'yish muhim, — dedi Nurdin Bukuev.
Shuningdek, Qirg'iziston tomoni O'zbekistonda futzal yo'nalishida amalga oshirilayotgan islohotlarni ham yuqori baholadi. Muloqot chog'ida tomonlar terma jamoalar o'rtasida o'rtoqlik uchrashuvlari va boshqa qo'shma tadbirlarni tashkil etish orqali hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini ta'kidlashdi.
Uchrashuv yakunlarida ikki tomonlama hamkorlik bo'yicha rasmiy kelishuv imzolandi.