O'zbekiston nechanchi o'rinda? JChning eng qimmat tarkibga ega Osiyo jamoalari ma'lum bo'ldi

Transfermarkt portali 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etadigan Osiyo qit'asi terma jamoalarning umumiy qiymatlarini e'lon qildi. Unga ko'ra, Yaponiya terma jamoasi futbolchilarning transfer qiymati bo'yicha birinchi o'rinni egallab turibdi.
Qayd etilishicha, “samuraylar” tarkibidagi futbolchilarning umumiy qiymati 270,8 million evroga baholangan. Bu ko'rsatkich bo'yicha ikkinchi o'rinni Koreya Respublikasi terma jamoasi (139,05 million evro), uchinchi pog'onani esa O'zbekiston milliy terma jamoasi band etgan.
“Oq bo'rilar” tarkibida Jahon chempionatida ishtirok etish uchun jalb etilgan futbolchilarning umumiy qiymati 85,3 million evroni tashkil etgan. Ushbu miqdorning katta qismi “Manchester Siti” himoyachisi Abduqodir Husanov (50 mln evro) zimmasiga to'g'ri keladi.
Eng qimmat tarkibga ega terma jamoalar:
1. Yaponiya (270,8 mln evro)
2. Janubiy Koreya (139,05 mln evro)
3. O'zbekiston (85,3 mln evro)
4. Avstraliya (77,4 million evro)
5. Saudiya Arabistoni (40,6 million evro)
6. Eron (32,05 million evro)
7. BAA (29,05 million evro)
8. Iroq (21,2 million evro)
9. Iordaniya (20,3 million evro)
10. Qatar (19,9 million evro)
2026 yilgi Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha bo'lib o'tadi. Turnir uchrashuvlariga AQSh, Kanada va Meksika birgalikda mezbonlik qiladi. Bo'lajak dunyo birinchiligida tarixda ilk bor 48 ta milliy terma jamoa ishtirok etadi. Chempionatning ochilish o'yini 11 iyun kuni Mexikodagi “Atsteka” stadionida bo'lib o'tadi va unda Meksika hamda Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) terma jamoalari o'zaro to'qnash keladi.
Ma'lumot uchun, O'zbekiston MTJ mundialdagi ilk o'yinini Meksikada o'tkazadi, qolgan ikki uchrashuv esa AQShdagi stadionlarda bo'lib o'tadi. “Oq bo'rilar” 18 iyun kuni birinchi turda Kolumbiyaga qarshi maydonga tushadi. Ushbu uchrashuvga Meksika poytaxtidagi “Atsteka” stadioni mezbonlik qiladi.
Jamoa ikkinchi tur doirasida 23 iyun kuni Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya terma jamoasi bilan o'ynaydi. Mazkur bellashuv AQShdagi “Xyuston” stadionida o'tkazilishi belgilangan. Guruhdagi so'nggi uchrashuv 28 iyun kuni “Atlanta” stadionida Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi bo'lib o'tadi.