O'zbekiston nechanchi o'rinda? JChning eng qimmat tarkibga ega jamoalari ma'lum bo'ldi

Transfermarkt portali 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etadigan terma jamoalarning umumiy qiymatlarini e'lon qildi. Unga ko'ra, Frantsiya terma jamoasi futbolchilarning transfer qiymati bo'yicha birinchi o'rinni egallab turibdi.
Qayd etilishicha, “ko'klar” tarkibidagi futbolchilarning umumiy qiymati 1,48 milliard evroga baholangan. Bu ko'rsatkich bo'yicha ikkinchi o'rinni Angliya terma jamoasi (1,31 milliard evro), uchinchi o'rinni esa Ispaniya terma jamoasi (1,27 milliard evro) band etgan.
Eng qimmat tarkibga ega terma jamoalar:
1. Frantsiya (1,48 mlrd evro)
2. Angliya (1,31 mlrd evro)
3. Ispaniya (1,27 mlrd evro)
4. Germaniya (998 million evro)
5. Portugaliya (957 million evro)
6. Braziliya (909 million evro)
7. Niderlandiya (837 million evro)
8. Argentina (816 million evro)
9. Norvegiya (601 million evro)
10. Turkiya (536 million evro)

O'zbekiston milliy terma jamoasining may oyidagi yig'iniga jalb etilgan 40 nafar futbolchining umumiy transfer narxi 78,73 million evroga baholangan. “Oq bo'rilar” ushbu ko'rsatkich bo'yicha mundialda ishtirok etadigan jamoalar orasida 35-o'rinda qayd etilgan.

2026 yilgi Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha bo'lib o'tadi. Turnir uchrashuvlariga AQSh, Kanada va Meksika birgalikda mezbonlik qiladi. Bo'lajak dunyo birinchiligida tarixda ilk bor 48 ta milliy terma jamoa ishtirok etadi. Chempionatning ochilish o'yini 11 iyun kuni Mexikodagi “Atsteka” stadionida bo'lib o'tadi va unda Meksika hamda Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) terma jamoalari o'zaro to'qnash keladi.
Ma'lumot uchun, MTJ mundialdagi ilk o'yinini Meksikada o'tkazadi, qolgan ikki uchrashuv esa AQShdagi stadionlarda bo'lib o'tadi. “Oq bo'rilar” 18 iyun kuni birinchi turda Kolumbiyaga qarshi maydonga tushadi. Ushbu uchrashuvga Meksika poytaxtidagi “Atsteka” stadioni mezbonlik qiladi.
Jamoa ikkinchi tur doirasida 23 iyun kuni Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya terma jamoasi bilan o'ynaydi. Mazkur bellashuv AQShdagi “Xyuston” stadionida o'tkazilishi belgilangan. Guruhdagi so'nggi uchrashuv 28 iyun kuni “Atlanta” stadionida Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi bo'lib o'tadi.