O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi jahonning mashhur sport kollektsiya brendi – Panini bilan hamkorlik bo'yicha kelishuvga erishdi. Tarixda ilk bor O'zbekiston milliy terma jamoasi Panini'ning jahon miqyosida mashhur stiker albomidan joy oladi.

Italiyaning Panini kompaniyasi bugungi kunda sport kollektsiyalari, nashriyot va savdo kartochkalari sohasida dunyo etakchisi hisoblanadi. Kompaniya 1970 yildan beri FIFA bilan birgalikda Jahon chempionatiga bag'ishlab futbol ixlosmandlari uchun seriyali kollektsiyalar taqdim etib kelmoqda. Bugungi kunda Panini FIFA, UEFA, NBA, NFL hamda dunyoning etakchi futbol assotsiatsiyalari va klublari bilan faoliyat olib boradi.

"Bu hamkorlik O'zbekiston futboli imidjini mustahkamlash nuqtai nazaridan ham katta ahamiyatga ega. Panini rasmiy kollektsiyasidan joy olish – yurtimiz futbolining yillar davomida bosib o'tgan rivojlanish yo'liga juda mos e'tirofdir. Bu butun dunyoga O'zbek futbolining jahon miqyosida o'z o'rnini topib borayotganligini ko'rsatadi," — dedi O'FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, Milliy jamoamiz Panini bilan faoliyat olib boradigan Markaziy Osiyodagi birinchi jamoaga aylanadi. Yillar davomida butun dunyo futbol ishqibozlari tomonidan sevib yig'ilgan Panini albomi endilikda terma jamoamiz va millatimiz ruhini aks ettiradi.

Manba: Telegram.me/FAUzbekistan