O'zbekiston kubogi. Sakkizta gol urilgan o'yinda «Neftchi» yirik hisobda g'alaba qozondi

O'zbekiston kubogi-2026 “D” guruhi 3-turidan o'rin olgan “Neftchi” — “BUXDU” bahsi gollarga boy tarzda kechdi. Farg'ona shahridagi “Istiqlol” stadionida bo'lib o'tgan uchrashuvda mezbonlar 6:2 hisobida g'alaba qozonishdi.
Uchrashuvning dastlabki daqiqalaridanoq “Neftchi” tashabbusni qo'lga oldi. 3-daqiqada Izzatillo Po'latov xavfli vaziyat yaratgan bo'lsa, 12-daqiqada Stipe Peritsa hisobni ochdi. Muhsin Ubaydullaevning zarbasidan keyin to'p yo'nalishini o'zgartirgan xorvat hujumchisi jamoasini oldinga olib chiqdi — 1:0.
28-daqiqada Rustambek Fomin yakka tartibdagi harakatlari orqali hisobni oshirdi. Oradan sakkiz daqiqa o'tib, Ubaydullaevning uzatmasini Stipe Peritsa bosh bilan darvozaga yo'llab, dubl muallifiga aylandi — 3:0. Birinchi bo'limga qo'shib berilgan daqiqalarda esa Hurshid G'iyosov Asiilbek Jumaevning uzatmasidan keyin to'rtinchi golni kiritdi.
Ikkinchi bo'limda ham mezbonlar ustunlikni saqlab qolishdi. Shunga qaramay, 55-daqiqada Saidjon Ashurov mehmonlarning birinchi goliga mualliflik qildi — 4:1. 69-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Nurbek Sarsenbaev “Neftchi”ning beshinchi golini urdi. 73-daqiqada esa Jurani Ferreyra olis masofadan aniq zarba yo'llab, hisobni 6:1 ko'rinishiga olib keldi.
Uchrashuvdagi so'nggi gol 78-daqiqada Akobir To'raev tomonidan kiritildi. Qolgan daqiqalarda har ikki jamoada imkoniyatlar bo'lganiga qaramay, hisob o'zgarmadi.
Ushbu natijadan so'ng “Neftchi” guruhni birinchi o'rinda yakunlab, O'zbekiston kubogi 1/8 final bosqichiga yo'l oldi.
O'zbekiston kubogi-2026
“D” guruhi, 3-tur
“Istiqlol” stadioni. 26-may, 17:00
“NEFTChI” - BuxDU - 6:2
Gollar: Stipe Peritsa, 12 (1:0), Rustambek Fomin, 28 (2:0), Stipe Peritsa, 36 (3:0), Hurshid G'iyosov, 45 (4:0), Saidjon Ashurov, 55 (4:1), Nurbek Sarsenbaev, 69 (5:1), Jurani Ferreyra, 73 (6:1), Akobir To'raev, 78 (6:2).
Bosh hakam: G'ayrat Jo'raev
Yordamchi hakamlar: Rasuljon Fozilov, Maksim Nexochin
Zaxira hakami: Olim To'ychiboev
Nozoratchi: Marat Ismailov
Komissar: Qudrat Madraimov
“Neftchi”: 16. Ibrohim Shokirov, 2. Izzatillo Po'latov, 4. Boyan Tsiger, 5. Iqtom Aliboev, 9. Hurshid G'iyosov, 11. Asiilbek Jumaev, 15. Nurmuhammad Abdug'aniev, 18. Stipe Peritsa, 21. Muhsin Ubaydullaev, 30. Rustambek Fomin, 77. Jurani Ferreyra.
Zaxira: 45. Akbar To'raev, 14. Daler Tuxsanov, 19. Azizbek Erimbetov, 23. Jovan Jokich, 27. Nurbek Sarsenbaev, 32. Zoran Marushich, 44. Mo'minxon Bahodirxonov.
Bosh murabbiy: Islombek Ismoilov