O'zbekiston engil atletika federatsiyasiga yangi bosh kotib saylandi

O'zbekiston engil atletika federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferentsiyasi bo'lib o'tdi. Unda tashkilotga yangi bosh kotib saylanib, odob-axloq va taftish komissiyalari tarkibi qayta shakllantirildi.
Mazkur tadbirda Sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo'mitasi va federatsiya mutasaddilari, terma jamoa murabbiylar shtabi ishtirok etdi.
Konferentsiya davomida delegatlar tomonidan federatsiyaga yangi bosh kotib saylandi. Unga ko'ra, Engil atletika bo'yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi direktori Dilshod Avazov ushbu lavozimni egalladi.
Shuningdek, kun tartibiga muvofiq, odob-axloq va taftish komissiyalari tarkibi, federatsiya ustavining yangi tahriri ham tasdiqlandi.