O'zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Bolgariyada sportchilarimiz bilan muloqot qildi

Bolgariyaga etib borgan Azizjon Kamilov terma jamoamiz a'zolari bilan uchrashdi.
Sofiya shahri mezbonligida o'tayotgan dzyudo bo'yicha kadetlar o'rtasidagi jahon chempionatining ikkinchi kungi bellashuvlari ortda qoldi.
O'zbekiston terma jamoasi ikki kunlik bahslar yakuniga ko'ra 3 ta oltin, 1 ta bronza medali bilan 70 dan ortiq davlat orasida umumjamoa hisobida 1-o'rinni egallab turibdi.
O'zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov dzyudochilarimizni muvaffaqiyatli start bilan qutlash maqsadida Bolgariya poytaxtiga etib bordi. Unga safar davomida rais o'rinbosari Zafar Qahramonov hamrohlik qilmoqda.
Federatsiyamiz mutasaddilari terma jamoa murabbiylar shtabi va dzyudochilar bilan uchrashib, dildan muloqot qilishdi. Azizjon Kamilov qo'lga kiritilgan medallar jamoaviy mehnat mahsuli ekanini aytib, qolgan ikki kunlik bellashuvlar, shuningdek, aralash jamoaviy bahslarda ham ana shu yuqori tempni saqlab qolish lozimligini ta'kidladi.