«Osasuna» klubining 22 yoshli vingeri Viktor Munos Angliyaning «Nyukasl» klubiga o'tmoqda. Bu haqda Diario AS nashri xabar bermoqda.

Munosning shartnomasida 40 million evro miqdorida tovon puli belgilab qo'yilganiga qaramay, ushbu xarid «Nyukasl»ga 30 million evro va bunga qo'shimcha ravishda ispaniyalik futbolchining shaxsiy yutuqlariga bog'liq bo'lgan bonuslar evaziga tushadi. Manbaning ma'lum qilishicha, kelishuv eng qisqa vaqt ichida yakunlanishi mumkin.

Alohida ta'kidlash joizki, transfer summasining 50 foizi Madridning «Real» klubiga tegadi. «Qirollik klubi» o'tgan yozda Munosni «Osasuna»ga 5 million evro evaziga sotgan edi.

Yakunlangan mavsumda Munos barcha musobaqalarni inobatga olgan holda jami 36 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini etti bor ishg'ol qildi va beshta golli uzatma muallifiga aylandi.