«Nyukasl» klubi «Barselona»ga ko'chib o'tgan Entoni Gordonning o'rniga nomzod topib qo'ydi.

Telegraph nashrining xabar berishicha, ingliz klubi «Osasuna» vingeri Viktor Munosga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Manbaga ko'ra, «qarg'alar» skautlari 22 yoshli ispaniyalik futbolchini bir necha oydan beri kuzatib borishmoqda. Klub rahbariyati ushbu futbolchi Gordonning o'rnini muvaffaqiyatli to'ldira olishiga va jamoaning hujum chizig'ini kuchaytirishiga ishonmoqda.

Madridning «Real» klubi tarbiyalanuvchisi hisoblangan Munos La Liganing yakunlangan mavsumida «Osasuna» safida 34 ta uchrashuvda maydonga tushib, o'z hisobiga 6 ta gol va 2 ta golli uzatma yozdirib qo'ygan. Xabar qilinishicha, futbolchining shartnomasida belgilangan tovon puli 40 million evroni tashkil etadi.