Nunu Mendesh EChLda 50 ta o'yin o'tkazgan eng yosh portugaliyalikka aylandi

«Pari Sen-Jermen» himoyachisi Nunu Mendesh UEFA Chempionlar ligasi yarim finali doirasidagi «Bavariya»ga qarshi kechgan birinchi o'yinda (5:4) maydonga tushdi. Shu tariqa, u Ko'hna qit'aning eng nufuzli klub turnirida 50 ta uchrashuv o'tkazgan eng yosh portugaliyalik futbolchi sifatida tarixga kirdi.
Myunxenliklarga qarshi bahs paytida Mendesh 23 yosh 313 kunlik edi. Avvalgi rekord «Sporting», «Manchester Yunayted», «Real» va «Yuventus» sobiq hujumchisi Krishtianu Ronalduga tegishli bo'lib, u ushbu marrani 24 yosh 83 kunligida zabt etgan edi.
Nunu Mendesh joriy mavsumda barcha musobaqalarda 39 ta o'yinda maydonga tushib, 6 ta gol urdi va 7 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Futbolchining transfer qiymati 75 million evroga baholanmoqda.