Noyer «Real» bilan o'yindagi yorqin harakatlaridan so'ng terma jamoaga qaytish haqidagi savolga javob berdi

«Bavariya» darvozaboni Manuel Noyer Germaniya terma jamoasiga qaytish borasidagi navbatdagi savolga javob qaytardi. Myunxenliklarning 40 yoshli sardori «Santyago Bernabeu»da «Real»ga qarshi kechgan (2:1) Chempionlar Ligasi chorak final bahsida 9 ta zarbani qaytarib, uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
O'yin yakunlangach, jurnalistlar yulduzli faxriydan Jahon chempionatiga borish niyati bor-yo'qligini so'rashdi.
«Bu haqida hamma narsa aytib bo'lingan. Hozir bor e'tiborim «Bavariya»ning joriy mavsumdagi qolgan o'yinlariga qaratilgan», — deya Noyer terma jamoaga qaytishini inkor etdi «Sky» telekanaliga bergan intervyusida.
Manuel Noyerning myunxenliklar bilan shartnomasi shu yozda nihoyasiga etadi. Uning faoliyatini davom ettirish yoki ettirmasligi hozircha noma'lum.