Noyer jarohati sabab Finlyandiyaga qarshi o'rtoqlik uchrashuvini o'tkazib yuboradi

Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Yulian Nagelsman darvozabon Manuel Noyerning boldir mushagidagi jarohati tufayli Finlyandiya bilan bo'ladigan o'yinda ishtirok eta olmasligini ma'lum qildi. Uchrashuv shu yakshanba, 31 may kuni bo'lib o'tadi.
«Biz murabbiylar shtabi bilan uning hozircha o'ynamasligiga qaror qildik. Voqealar rivojini tezlashtirishdan mantiq yo'q. Uning jarohati borasida xotirjamlikni saqlamoqchimiz. Bu qaror haqida o'ziga ham aytdik va u buni to'liq qo'llab-quvvatladi», — deya Nagelsmanning so'zlarini keltirdi jurnalist Florian Plettenberg.
Joriy mavsumda 40 yoshli posbon o'z klubi safida barcha turnirlarda 37 ta o'yinda ishtirok etdi va ularning 11 tasida o'z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.
Eslatib o'tamiz, Germaniya terma jamoasi JCh-2026 guruh bosqichida Kyurasao, Kot-d’Ivuar va Ekvador bilan to'qnash keladi.