«Nottingem» o'z yulduzi uchun «MYu»dan 144 million evro talab qilmoqda

«Nottingem Forest» yarim himoyachisi Elliot Anderson faoliyatini top-klubda davom ettirishi mumkin.
The Athletic nashrining xabariga ko'ra, «Manchester Yunayted» xavbek bilan shartnoma imzolashga qiziqish bildirmoqda. Futbolchi o'zining o'yin uslubi tufayli «qizil iblislar»ning yozgi transferlar uchun asosiy nishoniga aylandi. Biroq, «o'rmonchilar» xo'jayini Evangelos Marinakis «MYu» oldiga qat'iy shart qo'ydi — u Elliotni 144 million evrodan kamiga sotishga tayyor emas.
Elliot Anderson 2024 yilda «Nyukasl»dan «Nottingem»ga 41 million evro evaziga o'tgan edi. Uning amaldagi shartnomasi 2029 yilning 30 iyuniga qadar mo'ljallangan. Joriy mavsumda yarim himoyachi «o'rmonchilar» safida barcha turnirlarda 43 ta o'yinda maydonga tushib, 2 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi.