"Nottingem Forest" portugaliyalik murabbiyning tovon pulini to'lab, jamoaga olib kelishga tayyor

"Nottingem Forest" dam olish kunlari Ange Postekoglu bilan xayrlashdi va endi jamoaga yangi bosh murabbiy izlamoqda. "O'rmonchilar" e'tiborida "Fulxem"ni boshqarayotgan Marku Silva turibdi. Nufuzli insayder Janluka di Martsioning ma'lumotiga ko'ra, "Forest" portugaliyalikning amaldagi shartnomasida ko'rsatilgan tovon pulini to'lashga tayyor.
Gap qanday summa haqida ketayotganiga Di Martsio aniqlik kiritmagan. Shu bilan birga, avvalroq Britaniya OAVlari Silvani 8 million funtga (taxminan 9,2 million evro) sotib olish mumkinligi haqida yozgan edi.
"Nottingem Forest" ayni damda Premer-liga turnir jadvalida 18-o'rinni egallab turibdi. "O'rmonchilar" keyingi turda "Bornmut"ga qarshi bahs olib boradi.