Norvegiya terma jamoasi futbolchilari xonalarning tozalanmagani va yaqin atrofdagi qurilish maydonchasidan chiqayotgan shovqinlardan shikoyat qilgach, Jahon chempionatining Angliyaga qarshi chorak final uchrashuvi oldidan kutilmaganda mehmonxonani o'zgartirdi.

Norvegiya futbol terma jamoasi dushanba kuni tushdan keyin Mayamiga etib keldi va politsiya kuzatuvida Mayami yaqinidagi Fort-Loderdeylda joylashgan «Dalmar» mehmonxonasiga joylashdi. FIFA xodimlari, mehmonxona ma'muriyati, yigirmaga yaqin politsiyachi va bir nechta mehmonlar u erda Erling Xoland va uning jamoasini kutib olishdi. Biroq Norvegiya delegatsiyasining bu mehmonxonadagi tunashi uzoqqa cho'zilmadi — atigi bir kun o'tib, terma jamoa mehmonxonani o'zgartirishga qaror qildi.

Norvegiyaning TV2.no nashri hafta boshida ushbu mehmonxonaga tashrif buyurib, uning juda gavjum yo'l yoqasida joylashganini xabar qildi. Mehmonxona yaqinida katta qurilish maydonchasi bor edi, sohilga etib borish uchun esa deyarli to'rt kilometr piyoda yurish kerak bo'lgan. NRK telekanali ma'lumotlariga ko'ra, futbolchilarga ajratilgan bir nechta xonada yoqimsiz tutun hidi kelgan, mog'or bosgan yoki ular etarlicha tozalanmagan.

Manba: Stadion.uz