O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi “O'zbekistonda futbol sohasini raqamlashtirish va ommaviyligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 262-sonli qarori asosida, Superliga klublari uy uchrashuvlarini o'tkazadigan stadionlarda integratsiyalashgan kabellashtirish tizimini tashkillashtirish ishlari davom etmoqda. Bungacha yurtimizdagi stadionlar orasida faqatgina «Bunyodkor» hamda Olimpiya stadionlari (Milliy olimpia shaharchasi) jahon talablari asosidagi bunday kabellashtirilgan tizimlarga ega edi.

Avvalroq xabar berganimizdek, Farg'onaning «Neftchi» klubi o'z uy stadioni bo'lmish «Istiqlol» stadioni uchun integratsiyalashgan kabellashtirish bo'yicha birinchi bo'lib shartnoma imzolagandi. Ushbu haftada esa mazkur stadionda kabellashtirish ishlari yakuniga etib, foydalanishga topshirildi.

«Istiqlol» stadionida OFK talablari asosida Yaponiya va Avstraliya texnologiyalari yordamida 10 ta kamera nuqtasi uchun optik gibrid kabellashtirish amalga oshirildi. Bu esa o'z navbatida, mazkur o'yingohdan amalga oshiriladigan translyatsiya jarayonlari sifatini oshirishga hamda VAR texnikasidan foydalanish amaliyotini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

Manba: pfl.uz