Yangi davr boshida

21-asr boshlari. "Do'stlik" va MHSK kabi 90-yillar oxirlarida toblangan klublarning shani so'nib, o'zbek futbolida butunlay yangi sahifa ochilayotgan, islohotlar shiddat olgan davrlar... Evrilishlar shamoli maydonda ham, uning ortida ham turli shiddatli qarama-qarshiliklar-u intrigalarni ergashtirib keldi. Lekin zamon va rahbarlar o'zgarsa-da, o'zbek futbolining ikki giganti o'rtasidagi azaliy bahs va ularning ichki chempionatdagi mavqei zarracha o'zgarmadi.

"Paxtakor" bu paytga kelib moliyaviy jihatdan beqiyos qudratga to'lib, mamlakatning eng sara, eng iqtidorli futbolchilarini bitta bayroq ostida jamladi. Namangandan Anvar Soliev va maydonni ko'ra oladigan Server Jeparov, tezkor Leonid Koshelev, Farg'onadan mahoratli Temur Kapadze, “Akademiya”dan Zayniddin Tojiev, sho'x va shijoatli yosh Aleksandr Geynrix hamda himoyada mustahkam qaladek turgan turkmanistonlik legioner Gochkuli Gochkuliev... Xullas, raqiblariga shafqat qilmaydigan haqiqiy "engilmas armada" shakllandi. Murabbiylar Viktor Jalilov va Tachmurod Agamurodov (ayniqsa, Agamurodov) jamoa o'yiniga Yevropacha tartib va zamonaviy taktikalarni olib kirishdi. "Sherlar"ning o'sha mavsumda Osiyoning eng kuchli klublaridan biriga aylanib, qitani larzaga solgani bejiz emasdi.

6e634733-99fd-4369-848f-18cfde47361d.png

Ammo Farg'onada ham taslim bo'lishni xayoliga keltirmagan, o'z qadrini baland tutadigan buyuk "mashina" bor edi. "Neftchi" ustozi, tajribali va ayyor strateg Yuriy Sarkisyan nomdor yulduzlar soyasida qolib ketmagan, g'alabaga tashna yangi nomlarni kashf etishda davom etardi, Mansur Saidov ulardan biri edi. Sergey Lebedev, Akmal Xolmatov, Anvar Berdiev, Umid Isaqov va Muhtor Qurbonov... Bu yigitlar balki o'sha paytda milliy terma jamoaning asosiy tarkibida doimiy o'rin olishmagandir, lekin maydonga tushganda yuragini berib o'ynaydigan, ichki chempionatning haqiqiy nomlari va o'z sport formasining eng yuqori cho'qqisidagi mahorat egalari edi.

2fcafb0d-fcef-4faa-b87c-660558e44089.png

Shu tariqa, bir tomonda Osiyoni zabt etishga shaylangan poytaxt giganti, ikkinchi tomonda esa o'z shani va ananalari uchun oxirigacha kurashadigan Farg'ona mag'rurligi to'qnash kelish arafasida edi...

Finalgacha bo'lgan yo'l

Musobaqaning 1/16 final bosqichida "Paxtakor" Muborakning "Mashal" klubidan o'tgan (2:1) bo'lsa, "Neftchi" Chirchiqning "Kimyogar" jamoasini tor-mor etdi (6:1).

1/8 finalda farg'onaliklarga nisbatan engilroq raqib duch keldi, "sherlar" esa "Do'stlik" to'sig'idan ancha qiyinchilik bilan o'tishdi:

"Neftchi" - "Ohangaron": 5:1, 8:0

"Paxtakor" - "Do'stlik": 3:1, 2:2

Chorak finalda farg'onaliklar "Zarafshon"ni ikki o'yin natijasiga ko'ra 2:1 hisobida taslim etishdi. "Paxtakor" - "Akademiya" qarama-qarshiligida esa toshkentliklarga texnik g'alaba yozildi.

Yarim finalga kelib mamlakatning eng kuchli to'rt klubi to'qnash keldi: OCHLda yarim finalgacha yetib borgan "Nasaf", "Paxtakor", "Neftchi" va "Qizilqum". Navoiyliklar Yuriy Sarkisyan shogirdlariga jiddiy qarshilik ko'rsatishdi, biroq yakunda "Neftchi" umumiy 3:2 hisobida finalga yo'l oldi. "Paxtakor" esa "Nasaf"ni ortiqcha qiyinchiliksiz taslim etdi (3:0, 5:1).

photo_2026-08-29_15-48-40.jpg

Drama va 9 ta gol urilgan final

Hal qiluvchi bahsni boshqarish tajribali hakam Rustam Saidovga topshirildi. E'tiborli jihati, bugungi kunda O'FA birinchi vice-prezidenti sifatida faoliyat yuritayotgan Ravshan Ermatov o'sha kuni qanotda ishlagan edi.

Muxlislar dastlabki 3 daqiqaning o'zidayoq 2 ta golga guvoh bo'lishdi. Aleksandr Geynrixning burchakdan uzatgan to'pini Gochkuli Gochkuliev darvozaga joylab hisobni ochgan bo'lsa, oradan bir daqiqa o'tib Sergey Lebedev o'z darvozasini ishg'ol qilib qo'ydi. Bu o'yin Lebedev faoliyatidagi eng omadsiz bellashuv sifatida muhrlandi, chunki u qo'shimcha bo'limlarning 110-daqiqasida ham avtogol muallifiga aylandi.

Uchrashuvning asosiy vaqti keskin kurashlar ostida kechdi. 14-daqiqada Ignatiy Nesterov qaytargan to'pni Sergey Ni darvozaga joyladi. Ikkinchi bo'limda Muhtor Qurbonov jarima zarbasini qoyilmaqom ijro etib, hisobni tenglashtirgan bo'lsa, 90+2-daqiqada Akmal Xolmatov muvozanatni tiklab, jamoasini mag'lubiyatdan qutqarib qoldi - 3:3.

Biroq ekstra-taymlarda "Paxtakor" ustunlikni to'liq o'z qo'liga oldi. Yuqorida takidlanganidek, Lebedevning avtogolidan so'ng, 115-daqiqada Gochkuliev penaltini aniq amalga oshirdi. Bahsga yakuniy nuqtani esa 118-daqiqada Zayniddin Tojiev qo'ydi - 6:3!

O'zbekiston Kubogi - 2001/2002

"Paxtakor" (Toshkent) - "Neftchi" (Farg'ona) - 6:3 (2:1, 1:2, qo'shimcha vaqtda - 3:0)

Toshkent, Paxtakor stadioni. 25 000 nafar tomoshabin

Hakamlar: Rustam Saidov, G'ayrat Karimov, Ravshan Ermatov

Gollar: Gochkuliev (3, 115 – pen.), Lebedev (4, 110 – ikkalasi ham o'z darvozasiga), Koshelev (70), Z. Tojiev (118) - Ni (14), Qurbonov (84), Xolmatov (90).

"Paxtakor": Nesterov, Ashurmatov, Gochkuliev, O'taboev, Jalilov, Koshelev (Seytkamalov, 116), Kiryan, Jeparov, Soliev, Geynrix (Z. Tojiev, 59), Qutiboev.

Bosh murabbiy: Viktor Jalilov

"Neftchi": Zabirov, Mataliev, Hamidov (Ahmedov, 74), A. Toirov, Xolmatov, Saidov (Usmonov, 46), Qurbonov, Lebedev, Ni, Berdiev, Isaqov (R. Durmonov, 76).

Bosh murabbiy: Yuriy Sarkisyan

photo_2026-08-29_15-42-23.jpg

O'yin qahramonlari xotirasidan

Muhtor Qurbonov: "Yaqindagina shu o'yinni yodga oluvdim. Jarima zarbasidan taxminan 30 metrlar atrofidan chiroyli gol urgandim. Ammo ekstra-taymlarda "Paxtakor" g'alabani ilib ketgandi".

Akmal Xolmatov: "Bu finalni eslash juda og'riqli. Haligacha alam qiladigan mag'lubiyat. Yaxshi o'ynab turgan joyimizda boy berganmiz. Balki, o'sha kuni "Paxtakor" haqiqatan ham kuchliroq bo'lgandir".