Navoiy viloyatida futbol akademiyasining ochilish marosimi bo'lib o'tdi

Navoiy viloyatida futbol akademiyasining ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Tadbirda Navoiy viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Normat Tursunov, O'FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov, mutasaddilar, faxriylar, futbolchi, murabbiylar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Mazkur akademiya bir vaqtning o'zida 154 nafar yosh futbolchini qabul qilib, ularni tayyorlash imkoniyatiga ega. Majmua tarkibida zamonaviy yotoqxona, futbol maydonlari, sport zali va o'quv binolari mavjud. Ushbu maskanda yangidan qurilish va ta'mirlash ishlari amalga oshirilib, zamon talablariga mos tarzda jihozlangan hamda foydalanishga topshirilgan.
O'FA rahbariyati, shuningdek, viloyat futbol maktabida yosh tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlarni ham ko'zdan kechirdi. Futbol maktablari shug'ullanuvchilari o'rtasida o'tkazilayotgan “O'zbekiston chempionati” ishtirokchilari bilan uchrashuv tashkil etildi. O'FA rahbariyati ular orasidan kelajakda terma jamoalarimiz sharafini himoya qiladigan futbolchilar etishirib chiqishiga ishonch bildirib, ularga omad tiladi.