“Navbahor” va “Neftchi” 3 ochkodan mahrum qilinishi mumkin — O'FA qarzdor klublarga nisbatan qat'iy choralar ko'rmoqchi

O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O'FA) bir qator professional klublarning futbolchilar va boshqa jamoalar oldidagi moliyaviy majburiyatlarini bajarmayotganini ma'lum qildi. Unga ko'ra, “Navbahor”, “Neftchi”, “Andijon”, “Xorazm”, “Buxoro”, “Qumqo'rg'on-1977” va “TerDU” klublari qarzlarini belgilangan muddatlarda to'liq qoplamagan.
Yozilishicha, “Navbahor” futbolchilar Jamshed Iskandarov, Ibrohim Yo'ldoshev, Diyorjon Turopov, Odil Hamrobekov, Abror Ismoilov, Shahzodbek Ubaydullaev va murabbiy Muhiddin Ortiqov oldidagi qarzlarni to'liq to'lamagan.
“Neftchi” esa Azizbek Amonov, Manuchehr Safarov va Shohruh G'adoev bilan bo'lgan moliyaviy majburiyatlarini bajarmagan.
Bundan tashqari, “Andijon” klubi “Paxtakor” va “Bunyodkor” oldidagi mashg'ulot kompensatsiyasi hamda transfer shartnomalari bo'yicha, “Xorazm” va “Buxoro” esa “Paxtakor” oldidagi qarzlarini to'lamagan.
“Qumqo'rg'on-1977” futbolchi Orzu Razzoqov, “TerDU” esa Sarvar Husonov va Farrux Haydarov bilan hisob-kitob qilmagan.
Avvalroq, qarzlarni o'z vaqtida uzmaganlik sababli “Navbahor” va “Neftchi” klublariga 2025-yilgi mavsumda qishki transfer oynasida yangi futbolchilarni ro'yxatdan o'tkazish taqiqi qo'yilgandi. Viloyat hokimliklari tomonidan qarzlarni to'lash bo'yicha kafolat xatlari taqdim etilgach, bu taqiq vaqtincha olib tashlangan, biroq to'lovlar to'liq amalga oshirilmagan.
O'FA ta'kidlaganidek, bu klublarning qarzlarini uzmasdan kelayotgani sababli ularga nisbatan yanada qat'iy choralar ko'rilishi kutilmoqda.
3 noyabr kuni O'FAning tegishli qo'mitasida quyidagi sanksiyalar muhokama qilinadi:
- “Navbahor lochinlari” va “Neftchi” klublaridan Superligadagi 3 ochko olib tashlash va qishki transfer oynasida yangi futbolchilarni ro'yxatdan o'tkazishni taqiqlash;
- “Andijon”, “Xorazm”, “Buxoro” va “TerDU” klublariga yangi futbolchilarni ro'yxatdan o'tkazish bo'yicha taqiq qo'yish;
- “Qumqo'rg'on-1977” klubini esa musobaqadan chetlashtirish ehtimoli mavjud.
“Assotsiatsiya a'zosi bo'lgan har bir klub futbolchilar, murabbiylar va boshqa jamoalar oldidagi moliyaviy majburiyatlarni o'z vaqtida bajarishi shart”, deyiladi O'FA bayonotida.