Italiyaning «Napoli» klubi hujumchi Romelu Lukakuga nisbatan intizomiy chora ko'rdi. La Gazzetta dello Sport nashrining xabar berishicha, belgiyalik futbolchi 150 ming evro miqdorida jarimaga tortilgan.

Bunday keskin choraga futbolchining klub bilan kelishmagan holda Belgiyada shaxsiy murabbiyi bilan mashg'ulot o'tkazgani sabab bo'lgan. «Napoli» rahbariyati Lukakudan 31 mart kuni jamoa ixtiyoriga qaytishni talab qilgan edi, biroq hujumchi Neapolga faqat 19 aprel kuni etib kelgan.

Belgilangan 150 ming evro miqdoridagi jarima futbolchining bir oylik maoshining 20 foizini tashkil etadi. Ma'lumot uchun, Lukaku joriy mavsumda neapolliklar safida atigi 6 ta o'yinda (jami 64 daqiqa) maydonga tushib, 1 ta gol urishga muvaffaq bo'lgan.